Murojaatlar – xalq muammolarini hal qilishning samarali usuli.

«Insonlarning dardu tashvishlarini oʼylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir»Sh.M.Mirziyoev

Hozirgi kunda davlat idora-tashkilotlari tomonidan xalqning ariza, shikoyat va takliflari, yaʼni murojaatlarini oʼrganish keng yoʼlga qoʼyilgan. Oʼzbekiston Respublikasining 2017 yil 11 sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida»gi OʼRQ-445-sonli Qonuni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Аholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5633-sonli Farmoni va boshqa shu kabi hukumat qonunlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʼz vaqtida va samarali oʼrganilishini taʼminlaydi.
Viloyatimizdagi davlat tashkilotlarida ham murojaatlarni qabul qilish hamda oʼrganish yaxshi yoʼlga qoʼyilgan. Xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilning yanvar-avgust oylarida “Temir daftar” masalalari bilan bogʼliq jami 33 ta murojaatlar, jumladan, 14 ta yozma, 18 ta elektron shaklda va 1 ta ogʼzaki murojaatlar qabul qilingan. Ushbu murojaatlar bosh boshqarmaning hamda shaharlar va tumanlar Iqtisodiy taraqqiyot boʼlimlari xodimlari, shuningdek tegishli tashkilotlar masʼul mutaxassislari bilan birgalikda oʼrganib chiqilganda, ularning 7 tasi (21 %) ijobiy hal qilingan, 26 tasi (79%)ga belgilangan normativ hujjatlardagi meʼyorlarga toʼgʼri kelmaganligi, yaʼni yashash sharoiti yaxshi hamda daromadi yetarli boʼlganligi sababli “Temir daftar”ga kiritish uchun toʼgʼri kelmasligi yuzasidan tushuntirish berilgan.
Jumladan, joriy yil 24 iyul kuni Bogʼot tumani “Qalajiqqalʼa” mahallasida yashovchi fuqaro X.Yu. tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga Ishonch telefoni orqali “Temir daftar” roʼyxatiga kiritishda amaliy yordam soʼrab yoʼllagan murojaati fuqaroning yashash manziliga chiqqan holda oʼrganildi. Tegishli tashkilotlar masʼul xodimlari bilan birgalikda fuqaroning murojaati boʼyicha oʼtkazilgan oʼrganishlar natijasi yuzasidan hujjatlar Xalq deputatlari Bogʼot tumani kengashi sessiyasida koʼrib chiqish uchun topshirildi va Kengashning 2021 yil 26 avgustda oʼtkazilgan sessiyasi qarori bilan fuqaro X.Yu. “Temir daftar” roʼyxatiga kiritildi. Fuqaro oʼz murojaatidan qoniqqanligi, murojaati ijobiy hal qilinganligidan mamnun ekanligini bildirgan.
Bosh boshqarmada qayd etilgan murojaatlarni oʼrganish natijalari boʼyicha barcha murojaat mualliflariga belgilangan tartibda pochta orqali javob xatlari taqdim qilinib kelinmoqda.

Kambagʼallikni qisqartirish, aholi turmush darajasini oshirish va “mahallabay” ishlash boʼlimi bosh mutaxassisi D.Xudayberganov.