O‘zbekistonning Jahon banki bilan hamkorligini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Jahon banki vise-prezidenti Anna B'erde bilan hamkorlikning bugungi holati va uni yanada chuqurlashtirishning istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2016-2021 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini amalga oshirish natijalari ko‘rib chiqildi. Dasturni ijro etish chog‘ida Jahon banki tomonidan moliyalashtirish uchun ustuvor loyihalarni tanlash borasida O‘zbekiston manfaatlarini hisobga olgan holda konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilganligi ta'kidlandi.
 
A.B'erde COVID-19 pandemiyasining salbiy ta'siriga qaramasdan, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini va erishilgan ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini ta'kidladi. Bank rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish agentligini tashkil etish tashabbusini yuqori baholab, unga texnik yordam ko‘rsatish va Jahon banki ekspertlarining Agentlik jamoasi bilan bevosita hamkorligini tashkil etishni nazarda tutib, islohotlar dasturini amalga oshirishda yaqin hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.
 
Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Unga asos sifatida davlat korxonalari va banklari, moliya sektori, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi va transport, qishloq xo‘jaligi, ta'lim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, xususiy sektor va kichik biznesni rivojlantirish islohotlari kabi mamlakatni isloh qilish dasturining ustuvor yo‘nalishlari olinadi.
 
O‘zbekistonda yaratilgan eksportni qo‘llab-quvvatlash tizimini tahlil etish, uni ilgari surish strategiyasini ishlab chiqish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanishining asosiy drayverlarini aniqlash bo‘yicha yangi yondashuv va uslublarini ishlab chiqish maqsadida hududlarni rivojlanish salohiyatini o‘rganishga kelishildi.
 
Shuningdek, Jahon banki rahbariyati tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, statistika tizimini modernizatsiya qilish va moliya sektorini rivojlantirishga qaratilgan 4 ta yangi loyihani ma'qullash jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlar borasida kelishib olindi.
 
Kichik va o‘rta biznes loyihalarini birgalikda moliyalashtirish hamda qambag‘allikni qisqartirishni nazarda tutgan holda Jahon bankining O‘zbekistonda tashkil etilgan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi faoliyatida ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
 
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelgusidagi amaliy hamkorlik qilish yo‘llarini belgilab oldilar.

 

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi